Doʻkonda inventarizatsiya: 7 qadamda toʻgʻri oʻtkazish

Inventarizatsiya qanday oʻtkaziladi, deb soʻrasangiz, koʻpchilik «omborni yopamiz, hamma tovarni sanaymiz» deydi. Sanash ishning oson qismi. Qiyini ertasiga boshlanadi: qoʻlingizda 40 ta tovar boʻyicha farq turibdi, bittasi kam, bittasi koʻp, omborchi esa «men hech narsa olmadim» deydi.
Koʻp doʻkonda ish shu yerda tugaydi. Egasi qoldiqni toʻgʻrilab qoʻyadi, kamomadni xarajatga yozadi, keyingi safar oʻsha tovarlarda yana farq chiqadi. Raqam toʻgʻrilandi, sabab esa joyida qoldi.
Bu maqola doʻkon egasi va omborchi uchun. Quyida tayyorgarlikdan farqlarni tahlil qilishgacha 7 qadam bor, eng koʻp eʼtibor sanab boʻlgandan keyingi ishlarga qaratilgan.
Inventarizatsiya qanday oʻtkaziladi: 7 qadam
1. Sana va masʼulni belgilang, ochiq hujjatlarni yoping.
2. Sanash paytida tovar harakatini toʻxtating.
3. Farqlarni soʻmga aylantirib saralang.
4. Katta farqlarni qayta sanang.
5. Sababni hujjatlardan qidiring.
6. Har bir farq boʻyicha qaror yozing.
7. Takrorlanayotgan farqni kuzatib boring.
1-qadam. Sana, masʼul va yopilgan hujjatlar
Tovar sanashga kirishdan oldin ikki narsani hal qiling: kim javob beradi va qaysi tovarlar sanaladi. Butun omborni sanash uchun doʻkon yopiq boʻlgan kun yoki kechki vaqt kerak. Bitta guruhni, masalan ichimliklarni, ish kuni oxirida ham tekshirsa boʻladi.
Keyin yetkazib beruvchidan kelgan, lekin hali kiritilmagan tovarlarni dasturga kiriting, ochiq qaytarishlar va koʻchirishlarni yoping. Hujjati kiritilmagan bitta faktura ertaga «oʻnlab tovarda koʻpayib ketdi» degan yolgʻon farq boʻlib chiqadi.
👉 Sanash kunini qanday tashkil qilish haqida maqola. Tayyorgarlik va sanash boʻyicha batafsil tartib.
2-qadam. Sanash paytida tovar harakatini toʻxtating
Sotuv, kirim va koʻchirish sanash tugaguncha toʻxtaydi. Sotuvni toʻxtatishning iloji boʻlmasa, sanaladigan guruhni ajratib qoʻying va shu guruhdan savdo qilmang. Aks holda farqning bir qismi shunchaki sanash paytida sotilgan tovar boʻlib chiqadi.
Ikki kishi sanagani maʼqul: biri sanaydi, ikkinchisi yozadi. Sanaydigan odam dasturdagi qoldiqni koʻrmasa, natija haqqoniyroq boʻladi, chunki koʻzi oʻsha raqamga «moslashib» qolmaydi. Vitrina, orqa ombor, qaytarilgan tovar joyi va brak qutisini ham roʻyxatga kiriting.
3-qadam. Farqlarni soʻmga aylantirib saralang
Sanash tugagach, dona boʻyicha emas, pul boʻyicha qarang. Har bir farqni tannarxga koʻpaytiring va ishorasiga qaramay, eng kattasidan boshlab tartiblang. Mana shartli misol:
— Paxta yogʻi 1 l: dasturda 120, sanalgan 96, farq −24 dona, tannarx 18 000 soʻm, jami −432 000 soʻm
— Kir yuvish kukuni 3 kg: dasturda 30, sanalgan 40, farq +10 dona, tannarx 45 000 soʻm, jami +450 000 soʻm
— Shokolad: dasturda 50, sanalgan 47, farq −3 dona, tannarx 9 000 soʻm, jami −27 000 soʻm
Umumiy summaga qarasangiz, bor-yoʻgʻi 9 000 soʻm kamomad, goʻyo hammasi joyida. Aslida 909 000 soʻmlik tovar boʻyicha hisob notoʻgʻri. Shuning uchun kam va koʻp chiqqan tovarlarni bir-biriga qoʻshib yubormang: ular alohida-alohida xato.
Tovarlar tannarxi aniq boʻlmasa, bu hisob ham aldaydi.
👉 Tannarx qanday hisoblanadi. Oddiy misollar bilan tushuntirilgan.
4-qadam. Katta farqlarni qayta sanang
Sabab qidirishdan oldin farqning oʻzi haqiqatmi, shuni tekshiring. Doʻkoningizga mos chegara qoʻying, masalan 50 000 soʻmdan katta har bir farq. Shu roʻyxatni boshqa odam qayta sanaydi.
Qayta sanash paytida uch narsani koʻring:
— Tovar boshqa joyda turgan emasmi: vitrinada, orqa javonda, boshqa guruh orasida.
— Karobka va dona adashmaganmi: 1 karobkada 12 dona boʻlsa, «2» deb yozilgan joyda aslida 24 dona boʻlishi mumkin.
— Oʻxshash tovar bilan aralashmaganmi: 1 l va 1,5 l, bir xil tovarning ikki xil rangi yoki oʻlchami.
Tajribada farqlarning bir qismi shu bosqichda yoʻqoladi. Qolganlari haqiqiy farq, ular bilan keyingi qadamda ishlaysiz.
5-qadam. Sababni hujjatlardan qidiring
Eng kattasidan boshlab, har bir tovarning oxirgi inventarizatsiyadan beri boʻlgan harakatini koʻrib chiqing. Odamni emas, avval hujjatni tekshiring. Bizning kuzatuvimizcha, omborda tovar «koʻpayib ketish»ining koʻp uchraydigan sababi kirim yoki chiqimning xato kiritilishi.
Kirim xatosi: fakturada 100 dona, dasturda 10 dona yoki bitta faktura ikki marta kiritilgan. Fakturani qoʻlga olib solishtiring.
Sotuvda adashish: kassir oʻxshash tovarni urgan. Belgisi shu: bitta tovarda kam, unga oʻxshash boshqasida xuddi shuncha koʻp chiqadi. Yuqoridagi misolda kir kukuni shunday tekshiriladi.
Ikki nomli tovar: bitta tovar dasturda ikki kartochkada turibdi, «Paxta yogʻi 1 l» va «Yogʻ paxta 1 litr». Biriga kirim qilingan, boshqasidan sotilgan.
Oʻlchov birligi: kirim karobkada, sotuv donada, nisbat notoʻgʻri kiritilgan. Bunday farq odatda 6, 12 yoki 24 ga karrali boʻladi.
Hujjatsiz koʻchirish: tovar boshqa filial yoki omborga hujjatsiz olib ketilgan. Bu yerda kam, u yerda koʻp chiqadi.
Yaroqsiz tovar: singan, muddati oʻtgan yoki yirtilgan tovar tashlab yuborilgan, lekin hisobdan chiqarilmagan.
Haqiqiy yoʻqotish: yuqoridagilarning birortasi tasdiqlanmasa, qolgani shu. Oʻgʻirlik haqida xulosani eng oxirida, faktlar bilan qiling.
👉 Oziq-ovqat doʻkonida muddati oʻtgan tovar bilan ishlash. Yaroqsiz tovar kamomadga aylanmasligi uchun.
6-qadam. Har bir farq boʻyicha qaror yozing
Har bir qator uchun bitta qaror va bitta masʼul boʻlsin. Qarorlar uch xil boʻladi:
— Hujjat xatosi topildi: hujjat va qoldiq toʻgʻrilanadi, xatoga yoʻl qoʻygan odamga aniq nima notoʻgʻri boʻlgani koʻrsatiladi.
— Tovar yaroqsiz yoki yoʻqolgan: sababi bilan hisobdan chiqariladi, masalan brak, shikastlanish, muddati tugash yoki yoʻqolish. «Boshqa» degan umumiy sabab tahlilga hech narsa bermaydi.
— Sababi topilmadi: shunday deb yozing, summasini koʻrsating va tekshirishni kimga, qachongacha topshirganingizni belgilang.
Sabab aniq boʻlmaguncha xodimga «kamomadni toʻlaysan» demang. Odamlar keyingi safar farqni yashirishga oʻtadi, siz esa haqiqiy raqamni koʻrmay qolasiz. Xodimdan pul ushlash masalasi kelib chiqsa, mehnat shartnomasi va qonun boʻyicha alohida maslahatlashing.
7-qadam. Takrorlanayotgan farqni kuzatib boring
Bitta inventarizatsiya faqat bugungi rasmni koʻrsatadi. Foydasi ikkinchi va uchinchi safarda chiqadi. Har safar oddiy jadval yuriting: sana, tovar, farq, summa, sabab, qaror. Bir necha marta oʻtkazgach, qaysi joy «teshik» ekani koʻrinadi:
— Kirim xatosi koʻp boʻlsa, tovar qabul qilish tartibini oʻzgartiring: faktura bilan tovarni ikki kishi solishtirsin.
— Bitta guruh har safar kam chiqsa, shu guruhni tez-tez, masalan haftada bir marta alohida sanang va joylashuvini koʻzdan oʻtkazing.
— Bitta smena yoki kassirda sotuv adashishi koʻp boʻlsa, avval oʻrgating, keyin talab qiling.
Yana bir raqamni yozib boring: farqlarning ishorasiz yigʻindisi ombor qiymatiga nisbatan necha foiz. Masalan, 100 mln soʻmlik omborda 909 000 soʻm farq 0,9% boʻladi. Har safar shu foiz kamayib borayotgan boʻlsa, hisobingiz yaxshilanyapti.
👉 Xodimlarni hisob dasturiga qanday oʻrgatish kerak. Kiritish xatolarini kamaytirish uchun.
Excelʼda nima qiyin boʻladi
Excelʼda ham sanash mumkin, lekin 5-qadam u yerda qiyinlashadi: kirim, sotuv va koʻchirish alohida fayllarda yoki umuman yozilmagan boʻlsa, tovarning yoʻlini kuzatib boʻlmaydi. Farq koʻrinadi, sababi koʻrinmaydi.
👉 Ombor hisobi: Excel yoki dastur. Dasturga qachon oʻtish kerakligi haqida.
Bitoʼda bu qanday koʻrinadi
Bitoʼda inventarizatsiya Ombor → Inventarizatsiyalar → Yaratish boʻlimidan ochiladi. Masʼul shaxs, ombor, boshlanish va tugash sanasi koʻrsatiladi, izoh yoki fayl ilova qilsa boʻladi.
Toʻliq yoki qisman: toʻliqda ombordagi barcha tovarlar avtomatik qoʻshiladi, qisman sanashda kerakli tovarlarni oʻzingiz tanlaysiz. 7-qadamdagi guruh tekshiruvi uchun qisman turi qulay.
Farq avtomatik: har bir tovar uchun ombordagi miqdor, sanalgan miqdor va farq koʻrinadi.
IMEI va seriya raqami: markirovkali tovarda har bir dona oʻz kodi bilan kiritiladi, 10 ta telefon uchun 10 ta IMEI.
Sabablar roʻyxati: hisobdan chiqarishda brak, yoʻqolish, yaroqlilik muddati tugashi, shikastlanish kabi sabablarni tanlaysiz.
Hisobotda alohida qator: ombor hisobotida inventarizatsiyadan qoʻshilgan va kamaygan miqdor alohida, moliya hisobotida aniqlangan pul farqlari koʻrinadi.
Xulosa
Yaxshi inventarizatsiyaning natijasi toʻgʻrilangan qoldiq bilan tugamaydi. Har bir katta farqning sababi, qarori va masʼuli yozilgan boʻlishi kerak. Birinchi safar hammasini qamrab olishga urinmang: pul boʻyicha eng katta 10 ta farqdan boshlang va ularning sababini oxirigacha toping. Keyingi inventarizatsiyada oʻsha tovarlarga birinchi boʻlib qarang.
Bito bilan qanday boshlash mumkin
Omboringizda farqlar takrorlanayotgan boʻlsa va sababini topish qiyin boʻlsa, Bito jamoasiga yozing. 2500 dan ortiq biznes Bitoʻdan foydalanadi.
👉 Telegram orqali bepul konsultatsiya olish. Menejer biznesingizga mos sozlamani koʻrsatib beradi.
👉 Tariflar va narxlarni koʻrish. Bito ERP tariflari oyiga 290 000 soʻmdan boshlanadi.
















