CRM va ERP farqi: kichik biznesga qaysi biri kerak

CRM va ERP farqini bilmaslik oy oxirida pulga tushadi. Biri mijoz va sotuvni koʻrsatadi, ikkinchisi sotuv bilan birga ombor va moliyani. Notoʻgʻri tanlasangiz, sotuvni har kuni kuzatib turasiz, lekin omborda qancha pulingiz qotib yotganini koʻrmaysiz. Yoki aksincha: qoldiq joyida, mijozlar esa sekin ketib qolayotgani sezilmaydi.
Bu maqola dastur tanlayotgan doʻkon va ulgurji savdo egalari uchun. Avval farqni koʻramiz, keyin xato tanlov qancha turishini ikki misolda hisoblaymiz. Oxirida 5 ta savol bor: ularga javob bersangiz, sizga qaysi biri kerakligi aniq boʻladi.
CRM va ERP farqi: qisqa javob
CRM mijozlar va sotuv jarayonini boshqaradi: kim murojaat qildi, nima sotib oldi, qachon qayta bogʻlanish kerak, sotuvchi qanday ishlayapti.
ERP savdo bilan birga ombor, taʼminot, moliya va xodimlar hisobini bitta tizimda yuritadi: tovar qancha keldi, qancha ketdi, qancha qoldi, pul qayerda turibdi.
Oddiy qoida shunday. Tovar sotsangiz va omboringiz boʻlsa, faqat CRM yetmaydi. Tovar yoʻq, faqat xizmat va mijozlar boʻlsa, koʻpincha CRM yetadi.
Faqat CRM boʻlsa, nima koʻrinmaydi
Bir misol (raqamlar shartli). Kiyim doʻkoni CRM oʻrnatdi. Mijozlar bazasi tartibga tushdi, sotuvchilar oʻz vaqtida qoʻngʻiroq qilyapti, sotuv oyiga 80 million soʻmga yetdi. Hisobotda hammasi chiroyli, lekin yangi tovarga pul yetmayapti.
Sabab omborda. Javonda 120 million soʻmlik tovar turibdi, shundan 30 millioni toʻrt oydan beri qimirlamagan. Tovarga qoʻyilgan pulning chorak qismi yotibdi. CRM bu raqamni koʻrsatmaydi, chunki unda kirim, qoldiq va tannarx yuritilmaydi.
Faqat CRM bilan odatda quyidagilar qoʻlda qoladi:
— qaysi tovar qancha vaqtdan beri sotilmayapti;
— tovarning haqiqiy tannarxi va sotuvdan qolgan foyda;
— sanashda chiqqan kamomad;
— taʼminotchiga qancha qarzingiz borligi.
Qotib yotgan tovarni qanday aniqlash: bu haqida alohida maqolamiz bor.
Faqat ombor hisobi boʻlsa, nima koʻrinmaydi
Endi teskari holat (bu raqamlar ham shartli). Ulgurji doʻkonda qoldiq aniq, kirim-chiqim tartibli. Mijozlar esa sotuvchilarning telefonida. Oʻrtacha oyiga 2 million soʻmlik xarid qiladigan 40 ta doimiy mijoz ikki oydan beri kelmayapti. Bu oyiga 80 million soʻmlik savdo.
Buni hech kim sezmaydi, chunki ombor hisobi tovar haqida gapiradi, mijoz haqida emas. Sotuvchi ishdan ketsa, mijoz bilan yozishmalar va kelishuvlar ham u bilan ketadi.
Ikkala holatda ham dastur oʻz ishini toʻgʻri qilyapti. Muammo shundaki, u biznesning faqat bir tomonini koʻrsatadi, siz esa qarorni butun rasmga qarab qilishingiz kerak.
Kichik biznesga qaysi biri kerak: 5 savol
Qogʻozga javob yozib chiqing, 5 daqiqa ketadi.
1. Tovar sotasizmi yoki faqat xizmat koʻrsatasizmi?
2. Hozir omboringizda necha soʻmlik tovar borligini 10 daqiqada ayta olasizmi?
3. Kim sizdan, siz kimdan qancha qarzligingiz bir joyda koʻrinadimi?
4. Ikki oydan beri xarid qilmagan mijozlar roʻyxatini chiqara olasizmi?
5. Sotuv, ombor va pul maʼlumotini bir joydan ikkinchisiga qoʻlda koʻchirasizmi?
Endi natijani koʻring:
— Faqat xizmat, ombor yoʻq, 2-savol sizga tegishli emas: CRM bilan boshlang.
— Tovar sotasiz va 2, 3 yoki 5-savolda qiynaldingiz: sizga ombor va moliya bilan birga ishlaydigan tizim, yaʼni ERP kerak.
— Ombor tartibli, faqat 4-savolda qiynaldingiz: avval hozirgi dasturingizda mijoz boʻlimi bormi, tekshiring. Boʻlmasa, alohida CRM narxini bitta tizimga oʻtish bilan solishtiring.
— Bitta kichik doʻkon, tovar turi koʻp emas: katta tizim shart emas, kassa va ombor hisobi bor soddaroq dastur yetadi.
Excel qayerda yetarli va qayerda yetmay qoladi: hali Excelda ishlayotgan boʻlsangiz, shu maqoladan boshlang.
ERP kichik biznes uchun qimmat emasmi: oddiy hisob
Koʻp egalar ERPʼni katta kompaniyalar uchun deb oʻylab, narxini soʻramay qoʻyadi. Keling, raqam bilan koʻramiz. Dasturga oyiga 290 000 soʻm toʻlasangiz, bir yilda 3 480 000 soʻm boʻladi.
Endi yuqoridagi misolga qaytamiz. 30 million soʻmlik qotib qolgan tovarning sakkizdan bir qismini vaqtida sotib, pulni tez aylanadigan tovarga qoʻysangiz, yillik toʻlovdan koʻproq pul boʻshaydi. 30 millionning sakkizdan biri 3 750 000 soʻm. Bu foyda emas, boʻshagan pul, lekin aynan shu pul yangi tovarga yetmayotgan edi.
Oʻz hisobingizni qilish uchun uchta raqam kerak:
— oʻtgan yil oxirida qolib ketgan tovar necha soʻm turadi;
— oxirgi sanashda kamomad necha soʻm chiqdi;
— kechikayotgan mijoz qarzi necha soʻm.
Bu raqamlarni tez topa olmasangiz, oʻsha ham javob: hozir ularni hech kim kuzatmayapti.
CRM va ombor dasturini alohida olish kerakmi
Koʻp egalar shunday oʻylaydi: mijozga bitta dastur, omborga boshqasi. Amalda mijoz bir joyda, uning xaridi va qarzi boshqa joyda qoladi. Sotuvni ikki marta kiritish yoki dasturlarni oʻzaro ulash kerak boʻladi, xodimlarni ham ikki dasturga oʻrgatasiz.
Kichik jamoada bu tez charchatadi va maʼlumot bir-biridan farq qila boshlaydi. Shuning uchun boshidan tanlayotgan boʻlsangiz, mijoz va ombor bitta tizimda boʻlgan yechimni afzal koʻring. Alohida dastur faqat bittasi allaqachon yaxshi ishlab turgan boʻlsa oʻrinli.
Dastur tanlashda sotuvchiga shu 4 ta savolni bering:
1. Sotuv qilinganda qoldiq oʻzi kamayadimi?
2. Mijozning qarzi sotuvdan oʻzi yoziladimi yoki qoʻlda kiritiladimi?
3. Qaysi mijoz qancha foyda keltirganini koʻrish mumkinmi?
4. Kim oʻrnatadi, tovarlarni kim yuklaydi va xodimlarni kim oʻrgatadi?
Oxirgi savol boʻyicha batafsil:hisob dasturini oʻrnatadigan hamkorni tanlash.
Tanlaganingizdan keyin: birinchi oyda nima qilish kerak
Dasturning foydasi oʻrnatilgan kuni emas, maʼlumot toʻgʻri kiritilgandan keyin boshlanadi. Kichik biznes uchun tartib shunday:
1. Birinchi hafta: tovar roʻyxati, boshlangʻich qoldiq va mijozlar qarzini tartibga keltiring. Avval sanang, keyin kiriting, aks holda eski xato yangi dasturga koʻchadi.
2. Ikkinchi hafta: barcha sotuv va kirim faqat dasturda yuritilsin. Daftar va Excel parallel yuritilsa, xodimlar qaysi biri toʻgʻriligini bilmay qoladi.
3. Uchinchi hafta: tez-tez tugaydigan tovarlarga minimal qoldiq qoʻying, mijozlarni kategoriyalarga ajrating.
4. Toʻrtinchi hafta: ikkita hisobotga qarang. Qaysi tovar harakat qilmayapti va qaysi doimiy mijoz kelmay qoʻydi. Har biri boʻyicha bitta qaror qiling.
Batafsil:hisob dasturiga oʻtishdan oldin tayyorlanadigan 6 ta narsavaminimal qoldiq qanday qoʻyiladi.
Bitoʻda bu qanday ishlaydi
Bito ERPʼda savdo, ombor, taʼminot, moliya va CRM bitta tizimda ishlaydi. Yuqoridagi ikki misolga mos boʻlimlar:
— Mijoz tarixi: CRM boʻlimida har bir mijozning xaridlari, qarzdorligi va faolligi koʻrinadi. Masʼul xodimni, mijoz qayerdan kelganini va kategoriyasini (masalan, optom yoki dona) belgilash mumkin.
— Ketayotgan mijoz: «Mijoz faolligi» hisoboti birinchi va oxirgi savdo sanasini, xaridlar sonini koʻrsatadi, uzoq vaqt xarid qilmaganlar shu yerdan topiladi.
— Qaysi mijoz muhim: ABC-XYZ tahlili mijozlarni savdo hajmi va xarid barqarorligi boʻyicha guruhlarga ajratadi, «Mijoz boʻyicha savdo» hisobotida savdo, qaytarish, chegirma va yalpi daromad koʻrinadi.
— Tovar harakati: har bir mahsulotning kirimi, chiqimi va qoldigʻi real vaqtda koʻrinadi, inventarizatsiya va omborlararo koʻchirish shu yerda yuritiladi.
— Qotib qolgan pul: ombor tahlili harakat qilmayotgan mahsulotlarni va minimal qoldiqdan pastga tushganlarini koʻrsatadi, «Tavsiya etilgan tovar miqdori» hisoboti esa zaxira necha kunga yetishini va qancha olish kerakligini hisoblaydi.
— Pul: kirim-chiqim hisoboti va mijozlar balansi moliya boʻlimida.
Hammasini birdaniga yoqish shart emas. Bito ERP modulli tuzilgan: kichik biznes kerakli funksiyalardan boshlaydi, keyin tizimni kengaytiradi.
Biznes oʻsgani sayin bu farq yanada sezilarli boʻladi. Ikkinchi filial yoki ikkinchi ombor ochilganda sotuv, qoldiq va qarzni har joydan qoʻlda yigʻish koʻp vaqt oladi va xato ham shu yerda koʻpayadi. Shuning uchun dasturni bugungi holatga emas, bir-ikki yildan keyingi holatga qarab ham baholang.
Kichik va oʻrta doʻkonlar uchun Bito POS ham bor. U Bito ERPʼga oʻxshaydi, lekin doʻkon ishiga moslangan. Qaysi biri mos kelishi doʻkon hajmi, filiallar soni va sohaga bogʻliq.
Xulosa
CRM mijozni, ERP butun biznesni koʻrsatadi. Tovar va ombor boʻlsa, ERP bilan boshlang va mijoz boʻlimi unda borligini tekshiring. Faqat xizmat koʻrsatsangiz, CRM yetadi. Bugun 5 ta savolga javob yozing: qaysi birida qiynalgan boʻlsangiz, pul oʻsha yerdan ketyapti.
Bito bilan qanday boshlash mumkin
Javoblaringizni Bito jamoasiga yozing, sizga ERP kerakmi yoki POS yetadimi, birga aniqlaymiz. 2500 dan ortiq biznes Bitoʻdan foydalanadi.
👉 Telegram orqali bepul konsultatsiya olish. Menejer biznesingizga mos sozlamani koʻrsatib beradi.
👉 Tariflar va narxlarni koʻrish. Bito ERP tariflari oyiga 290 000 soʻmdan boshlanadi.
















