Kassada pul kam yoki koʻp chiqsa: farqni qayerdan qidirish

Kechki soat 10. Doʻkon yopildi, kassir pulni sanadi. Hisob boʻyicha kassada 4 850 000 soʻm boʻlishi kerak, qoʻlda esa 4 620 000 soʻm. 230 000 soʻm qayoqqa ketdi? Kassir «bilmayman» deydi, egasi asabiylashadi, ertasi kuni ham shu savol.
Boshqa kuni teskarisi boʻladi: kassada pul ortiqcha chiqadi. Bu ham yaxshi xabar emas. Ortiqcha pul ham qayerdadir xato borligini bildiradi, demak, boshqa kuni xuddi shu xato kamomad boʻlib qaytadi.
Bizning Support jamoamizga doʻkon egalaridan eng koʻp keladigan shikoyatlardan biri aynan shu: «kassada pul kam chiqyapti» yoki «kassada pul koʻp chiqyapti». Tajriba shuni koʻrsatadi:kassa kamomadi har doim ham oʻgʻirlik emas. Koʻpincha sabab yozilmagan chiqim, notoʻgʻri tanlangan toʻlov usuli yoki ikki kassa orasida «yoʻlda qolgan» pul boʻladi. Bu maqolada farqni qadamma-qadam qanday topishni koʻrib chiqamiz.
Avval: farq nima ekanini aniq yozing
Qidirishni boshlashdan oldin uchta raqamni qogʻozga yozing:
1.Hisob boʻyicha qoldiq: kun boshidagi pul + kunlik kirim − kunlik chiqim.
2.Haqiqiy qoldiq: kassada sanalgan naqd pul.
3.Farq: ikkinchisidan birinchisini ayiring. Minus boʻlsa kamomad, plus boʻlsa ortiqcha.
Farqning miqdoriga ham qarang. Masalan, farq aniq 50 000 yoki 100 000 soʻm boʻlsa, bu koʻpincha bitta yozilmagan amal: kimgadir berilgan pul yoki bitta notoʻgʻri kiritilgan chek. Farq 7 340 soʻm kabi «gʻalati» son boʻlsa, qaytim yoki yaxlitlashdagi mayda xatolar yigʻilgan boʻlishi mumkin.
Kassa kamomadi: farqni topishning 6 qadami
1-qadam. Yozilmagan chiqimlarni eslang
Eng koʻp uchraydigan sabab shu. Kun davomida kassadan pul olingan, lekin hech qayerga yozilmagan: yetkazib beruvchiga naqd toʻlov, tushlik puli, taksi, mayda xoʻjalik xarajati, egasining oʻzi olgan pul. Kassir va sotuvchilardan bitta savol soʻrang: «Bugun kassadan kimga, nima uchun pul berildi?» Koʻp hollarda farqning katta qismi shu savolning oʻzidayoq topiladi.
2-qadam. Toʻlov usullarini tekshiring
Mijoz karta orqali toʻladi, lekin kassir sotuvni «naqd» deb yozdi. Natijada hisob boʻyicha kassada naqd pul koʻp boʻlishi kerak, aslida esa u pul terminal orqali bankka ketgan. Teskarisi ham boʻladi: naqd toʻlov «terminal» deb yozilsa, kassada pul ortiqcha chiqadi.
Shuning uchun naqd va terminalni alohida solishtiring. Terminal kun oxirida chiqaradigan yakuniy chekdagi summani sotuvlardagi «terminal» summasi bilan taqqoslang. Ikkalasi orasidagi farq koʻpincha naqd kassadagi farq bilan teng chiqadi, faqat teskari ishorada.
3-qadam. Qaytarishlar va bekor qilingan cheklarni koʻring
Mijoz tovarni qaytardi va pulini naqd oldi, lekin qaytarish tizimga kiritilmadi. Yoki chek urildi, keyin mijoz fikridan qaytdi, lekin chek bekor qilinmadi. Ikkala holatda ham hisobdagi raqam bilan qoʻldagi pul farq qiladi. Kunlik qaytarishlar va bekor qilingan amallar roʻyxatini alohida koʻrib chiqing.
4-qadam. Kassalar orasidagi oʻtkazmalarni tekshiring
Doʻkonda ikki kassa yoki kassa va seyf boʻlsa, pul ular orasida koʻchadi. Kechqurun bitta kassadan pul olinib, boshqa joyga qoʻyilgan, lekin buni bir tomon yozgan, ikkinchisi yozmagan. Natijada bir kassada kamomad, ikkinchisida ortiqcha chiqadi va umumiy summa toʻgʻri boʻladi. Barcha kassalarni yigʻib hisoblasangiz, farq yoʻqolishi mumkin.
5-qadam. Kun boshidagi qoldiqni tekshiring
Baʼzan xato bugun emas, kecha boʻlgan. Kechagi kun yopilganda qoldiq notoʻgʻri yozilgan boʻlsa, bugungi hisob ham notoʻgʻri boshlanadi. Kechagi kun oxiridagi qoldiq bilan bugungi kun boshidagi qoldiq bir xilmi, shuni solishtiring.
6-qadam. Sotuvlarni vaqt boʻyicha koʻrib chiqing
Yuqoridagi beshta qadam farqni yopmasa, kunni boʻlaklarga boʻling. Kassir almashgan vaqt, tushlik vaqti, eng gavjum soatlar. Farq qaysi boʻlakda paydo boʻlganini topsangiz, qidirish doirasi ancha torayadi. Bir kunda bitta kassada bir necha kishi ishlasa, har bir almashinuvda pulni sanab topshirish odatini joriy qiling: shunda farq kimning vaqtida chiqqani darhol koʻrinadi.
Kassada pul koʻp chiqsa nima qilish kerak
Ortiqcha pulni «foyda» deb olib qoʻyish xato. Uning ham sababi bor va oʻsha sabab ertaga kamomad boʻlib qaytadi. Odatda ortiqcha pul quyidagilardan chiqadi:
— naqd toʻlov «terminal» deb yozilgan;
— sotuv boʻldi, pul olindi, lekin chek urilmadi;
— yetkazib beruvchiga toʻlov uchun ajratilgan pul hali berilmagan, lekin chiqim sifatida yozib qoʻyilgan;
— mijozga qaytim kam berilgan.
Oxirgi holat eng yoqimsizi: mijoz buni sezsa, doʻkonga ishonch yoʻqoladi. Shuning uchun ortiqcha pulni ham kamomad kabi jiddiy tekshiring.
Farq takrorlanmasligi uchun 5 ta kundalik odat
Farqni topish yarim ish. Uni har kuni qidirmaslik uchun jarayonni tartibga solish kerak:
1.Har bir chiqim yoziladi: summa, sabab va kim olgani bilan. Chek yoki hujjat boʻlsa, u ham saqlanadi.
2.Toʻlov usuli har safar aniq tanlanadi: naqd, terminal yoki boshqa usul. Kun oxirida terminal cheki bilan solishtiriladi.
3.Kassir almashganda pul sanab topshiriladi, ikki tomon imzo chekadi yoki tizimda tasdiqlaydi.
4.Kassalar orasidagi har bir oʻtkazma yoziladi: yuborgan ham, qabul qilgan ham.
5.Har kuni kassa yopiladi: farq kichik boʻlsa ham shu kunning oʻzida sababi yoziladi. Bir haftalik farqni bir kunda topish bir kunlikka qaraganda ancha qiyin.
Bu Bitoʼda qanday koʻrinadi
Yuqoridagi tartibni daftar yoki Excelʼda ham yuritish mumkin. Lekin har bir amalni qoʻlda yozish kerak boʻlganda, xato aynan shu joyda paydo boʻladi. Bito ERPʼda kassa bilan ishlash shunday tashkil qilingan:
—Kirim va chiqim: kassadan har bir chiqimda toʻlov turi (xarajat, toʻlov va boshqalar), toʻlov usuli (naqd, terminal va boshqalar), summa, valyuta va izoh koʻrsatiladi. Chek yoki hujjat faylini ham biriktirish mumkin. Saqlangach, kassa balansi darhol oʻzgaradi.
—Kassa balansihar bir kassa ichida naqd, terminal, valyuta va elektron toʻlovlarga boʻlib koʻrsatiladi. Shuning uchun 2-qadamdagi tekshiruv osonlashadi.
—Kassalar orasida pul koʻchirishikki bosqichda boʻladi: yuboruvchi yuboradi, qabul qiluvchi tasdiqlaydi. Tasdiqlanmaguncha oʻtkazma «Jarayonda» holatida turadi, yaʼni «yoʻlda qolgan» pul koʻrinib turadi.
—Kassa aylanmasi hisobotitanlangan davr uchun har bir kassa boʻyicha kirim, chiqim, davr boshidagi va oxiridagi balansni koʻrsatadi. Kassa qatorini ochib, pul harakatini kunlar kesimida koʻrish mumkin. 5-qadamdagi «kechagi qoldiq» savoli shu yerda bir qarashda hal boʻladi.
Mavzu boʻyicha yana oʻqing:Doʻkonda inventarizatsiyani 7 qadamda oʻtkazishvaExcelʼdan dasturga qachon oʻtish kerak.
Xulosa
Kassada pul kam yoki koʻp chiqishi koʻpincha oʻgʻirlik emas, yozilmagan amal belgisi. Farqni aniq hisoblang, keyin tartib bilan tekshiring: yozilmagan chiqimlar, toʻlov usullari, qaytarishlar, kassalar orasidagi oʻtkazmalar, kun boshidagi qoldiq va kun boʻlaklari. Sababni topgach, uni yopadigan odatni joriy qiling. Shunda kun oxiridagi hisob bir necha daqiqada tugaydi.
Bito bilan qanday boshlash mumkin
Bito ERP 2500 dan ortiq biznesda ombor, savdo va moliya hisobini yuritadi. Kassangizdagi farqlar qayerdan chiqayotganini birga koʻrib chiqamiz.
👉 Telegram orqali bepul konsultatsiya olish. Menejer kassa hisobini doʻkoningizga mos qanday sozlashni koʻrsatib beradi.
👉 Tariflar va narxlarni koʻrish. Bito ERP tariflari oyiga 290 000 soʻmdan boshlanadi.
















